Adabiyotda nutq va til

1. Til va nutq, til madaniyati va nutq madaniyati tushunchalari.

2. Til va huquqning o’zaro munosabatlari.

3. Nutq shakllari va ularning huquqiy  faoliyat jarayonidagi vazifalari.

4. Huquqqa oid munosabatlar tizimida muloqot strategiyasi va taktikasi. 

 

Tayanch so’z va iboralar: huquq, til, faoliyat shakllari, ehtiyoj, ifoda vositalari, nutq, voqyelanish, nutqning turlari, og’zaki va yozma nutq, nutqiy madaniyat, nutq sifati, nutq mazmuni, kommunikativ maqsadi, muloqotning xususiy shakllari, muloqotdagi an’anaviylik, dialogik va monologik nutq. 

 

Tabiat va jamiyat mahsuli bo’lgan inson, ayni paytda, ularning oliy namunasi ham sanalib, olamni narsa va predmet shaklida, voqyea va hodisa tarzida miyasida aks ettiradi, idrok qiladi, fikrlaydi. Bu jarayonda muhim vosita hisoblangan tilning  ahamiyati g’oyatda muhimdir. Shuning uchun ham til va tafakkurni bir-biridan alohida tarzda tasavvur qilib bo’lmaydi. «Til bilan tafakkur bir-birini taqozo etadigan ajralmas hodisadir. Tilsiz tafakkur bo’lmaganidek, til ham tafakkursiz bo’lmaydi»1[1]1.

Tilning inson uchun fikrlash vositasi bo’lishi, moddiy asos sifatida xizmat qilishi uning amalda bo’lishidagi  birinchi bosqich  hisoblanib, ikkinchi bosqichda  fikr, tafakkur mahsuli reallashadi, ya’ni u miyadan tashqariga chiqadi. Shunday qilib, ikkinchi bosqichda til kommunikativ – aloqa vazifasini bajarishga kirishadi.

Material maqomida turgan til muomala vositasiga, nutqiy jarayon quroliga aylanishi bilan  uning imkoniyat doirasi ham kengayib boradi. Bu holni uchinchi bosqich deb atash mumkin. Bosqichlar soni ortib boravergani sari tilning ijtimoiylik  mohiyati ham ochilib boraveradi. Inson nutqiy faoliyatida  kommunikativ vazifani  bajarayotgan til ko’magida suhbatdosh yoki tinglovchiga ma’lum axborot ham yetkaziladi. Demak, tilga bo’lgan munosabatda to’rtinchi bosqich yuzaga keladi.

Til insonlar o’rtasida aloqa  vositasi bo’lishi, tabiat va jamiyatdagi narsa va hodisalar to’g’risida xabar berishdan tashqari suhbatdosh  yoki tinglovchiga ma’lum ta’sir o’tkazish, hissiyotini qo’zg’atish kuchiga ham ega. Agar  bu holatni  shartli ravishda beshinchi bosqich  deb ataydigan bo’lsak, ta’kidlaganimizdek, tilning bosqichma-bosqich  takomillashib,  mukammalashib va imkoniyatlari ham asta-sekinlik bilan kengayib borishini kuzatamiz.

Mana shu o’rinda tilning hyech bir imkoniyati nutqsiz, nutqiy jarayonsiz amalga oshmasligi, yuzaga kelmasligiga ham amin bo’lamiz. «Til va tafakkurning birligi nutqda o’z ifodasini topadi. Nutq og’zaki va yozma holda mavjud bo’lib, unda fikrimiz moddiy shaklga, ya’ni hissiy idrok etiladigan shaklga kiradi va shu tariqa u endi bir shaxsga emas, balki jamiyatga tegishli bo’lib qoladi»2[2].     

Ma’lum bo’ladiki, til nutqning o’ta muhim unsuri sifatida aloqa, xabar, ta’sir etishdek, shu bilan birga, imkoniyatlari nihoyatda kengayib borishi natijasi o’laroq kishilik jamiyati to’plagan tajriba va bilimlarni kelajak avlodlarga yetkazishdek ulug’vor ijtimoiy vazifani bajaradi.

O’z shakllanishi va rivojlanib borishi davomida uzoq tarixiy yo’lni bosib o’tadigan til  asta-sekinlik bilan bo’lsa-da, takomillashib ham boradi. Bu holni uning ichki qurilishida, amalda bo’lish qoidalarining ma’lum bir tizimga kela borishida kuzatamiz. «Ichki qurilish nuqtai nazardan til ma’lum miqdordagi bir-biri bilan chambarchas bog’liq bo’lgan til birliklarining yig’indisi va ana shu birliklardan foydalanish qoidalaridan tashkil topgan murakkab sistemadir»3[3] Tilning takomillashib borishi va nutq jarayonidagi bosqichlarini taniqli tilshunos olimlar H.Ne’matov va R.Rasulovlar sistem  tilshunoslik «til-me’yor-nutq» tarzida ajratishini ta’kidlashib, qayd qiladilarki, «til bevosita kuzatishda  berilmagan. U jamiyat a’zolarining ongida mavjud bo’lib, ularning barchasi uchun tayyor, umumiy, majburiy bo’lgan, fikrni shakllantirish va uni ifodalashga xizmat qiladigan birliklar va ularning o’zaro munosabatlari haqidagi tasavvurlar yig’indisi sifatida qaraladi.

Nutq tilning namoyon bo’lishi, ro’yobga chiqish, voqyelanish shakli bo’lib, u bevosita kuzatishda berilgan, moddiy (tabiiy, fizik) shaklga egadir.

Me’yor (norma) - til birliklarini nutqning u yoki bu ko’rinishida ishlatish qonuniyatlari va imkoniyatlari bo’lib, ular jamiyat tomonidan belgilangan va aniqlangandir»4[4]. Anglashilayaptiki, til va nutq material va uning voqyelanishi nuqtai nazaridan boshqa-boshqa tushunchalar bo’lish bilan birga, ular bir-birlarisiz mutlaqo yashay olmaydi ham. Me’yor esa ularning yashash tarzini belgilaydi.

Jamiyat taraqqiyoti bilan insonlarning tilga bo’lgan ehtiyoji ham o’sib boraveradi. Bu ehtiyojlarni qondirish zarurati esa o’z      navbatida tilning ijtimoiy hodisa sifatidagi tabiatini, mohiyatini, vazifasini o’rganishni taqozo qiladi.

Bunda ma’lum tilning iste’molchisi bo’lgan xalq, bu xalq yashagan va yashab kelayotgan tarixiy sharoit, uning maishiy, ma’naviy-ma’rifiy turmushi, ijtimoiy-falsafiy va estetik dunyo-qarashi, urf-odatlari singari qator omillarni ham e’tiborda saqlab turish  lozim bo’ladi. Chunki inson faoliyatining muhim qismi sanalgan tilni va uning o’ziga xos xususiyatlari va imkoniyatlarini ana shunday qurshovda o’rganishgina atroflicha xulosalar chiqarishga ko’maklashadi. Shu bilan birga, til hodisalarini, uning me’yoriy jihatlarini tadqiq etishda milliy xususiyatlarni hisobga olmaslik ham mumkin bo’lmaydi. O’z ona tili - barcha o’ziga xosligi bilan shakllangan tili bo’lgani uchun ham u millat sanaladi. Shunday ekan til tarixini, uning me’yoriy nuqtai nazardan shakllanish jarayonini, ko’lamini millat tarixidan ajratib olib o’rganib bo’lmaydi.

Tilning yozma va og’zaki  me’yorlarini belgilash muammolarini hal qilish har bir milliy til madaniyatini rivojlantirishning uzviy qismi sifatida qaraladi. Shuning uchun ham me’yor masalalarining nutq madaniyati doirasida o’rganilishi bejiz emas, albatta.  «... nutq madaniyati problemasining o’rganilishi ... ikki aspektga ega  deyish mumkin: birinchisi, o’zbek adabiy tili normalarini, imkoniyat doiralarini yanada silliqlash, stabillash bilan bog’liq bo’lgan nutq madaniyati problemalari; ikkinchisi esa o’zbek  adabiy tilidan bu tilda gapiruvchi jamiyat a’zolarining (hatto konkret shaxslarning)  to’g’ri, izchil hamda namunali foydalana olishlari uchun yordamlashishi bilan aloqador bo’lgan nutq madaniyati problemalari»5[5].

Xo’sh, nutq madaniyati nima? Ana shu savolga javob berish ushbu mavzuning asosiy maqsadi sanaladi.

Savolga javoblarni bu sohaning mutaxassislari bo’lgan olimlarning asarlaridan topamiz. Masalan, S.I.Ojegov: «Yuqori nutq madaniyati nima? Yuqori nutq madaniyati – bu o’z fikrlarini til vositalari bilan to’g’ri, aniq va ta’sirchan qilib bera olishdir. To’g’ri nutq deb esa hozirgi adabiy til me’yorlariga rioya qilib tuzilgan nutqqa aytiladi. Ammo yuqori nutq madaniyati faqatgina me’yorga rioya qilishdangina iborat emas. U  fikrni ifodalashning aniq vositasini izlash bilan birga, birmuncha ta’sirchan va maqsadga muvofiq vositalarni topish uquvini ham o’z ichiga oladi»6[6]. L.I.Skvorsov: « «Nutq madaniyati» tushunchasi bir tomondan nutqning adabiy til me’yorlariga mos kelish darajasini bildirsa, ikkinchi tomondan, tilshunoslik fanining madaniyat quroli bo’lgan adabiy tilni mukammallashtirish maqsadida me’yorlashtirish muammolari bilan shug’ullanuvchi sohasidir»7[7].

Ma’lum bo’ladiki, nutq madaniyati, agar masalaga til nuqtai nazardan qaraladigan bo’lsa, bu, eng avvalo, nutqning to’g’riligi demakdir. Ikkinchidan esa, u uslubiy jihatdan silliq bo’lishi kerak, ya’ni unda noaniqlikka, ikkima’nolilikka, uzundan-uzoqlikka yo’l qo’yilmasligi, qisqalik, soddalik va aniqlik bu nutqning asosiy o’lchovi bo’lishi lozim. Keng ma’noda esa nutq madaniyati nutqiy ta’sirchanlikni, ijodiy yorqinlikni, o’tkirlik va obrazlilikni ifoda etadi.

Shu sohaning yirik bilimdoni prof. E.Begmatovning qayd etishicha, ma’naviyatimiz tarixida «nutq odobi» deb yuritib kelingan qoidalar uning ko’hna tarixga ega ekanligidan dalolat beradi. XX asrning 20-30-yillarida boshlangan «… «til qurilishi» nomi bilan atalgan ulkan lingvistik va sosial madaniy tadbirlar o’z ichiga o’sha davr tillari rivoji uchun eng zaruriy, hayotiy masalalarni qamragan edi. Chunonchi, yangi adabiy til uchun dialektal bazani belgilash, yozuvsiz tillar uchun alfavit yaratish, ba’zi noqulay alifbolarni boshqa ilg’orroq hisoblangan alfavit bilan almashtirish, adabiy tilning imlo prinsiplarini ishlash, orfografiyadagi kamchiliklarni tugatish, adabiy tilning morfologik va leksik normasidagi ikkilanish va barqarorlikni ilmiy asosda bartaraf etish, hali deyarli qo’l urilmagan juda ko’p xalqlarning adabiy tillarini o’rganish va ularning grammatikasini yaratish, millatlarning o’z ona tillarida o’quv-o’qituv ishlarini olib borishlariga imkoniyat yaratish, milliy adabiy tillarning o’z ilmiy terminologiyasini yaratish, milliy tillardagi tarixiy-madaniy yodgorliklarni o’rganish, ularning yangi yozuv grafikalarini tuzish va boshqalar.

Tilga olingan bu masalalarning barchasi milliy adabiy tillarning shakllanishi va rivoji uchun xizmat qiladi. Bunday shakllanish va rivojlanish piravordida tilning adabiy normalarining (orfografik, orfoepik, fonetik, morfologik, leksik, sintaktik, stilistik normalarining) stabillashuvi, o’suvini ko’rsatadi. Masalaga mana shu tomondan yondashilsa, yuqorida sanab o’tilgan masala, tadbir va choralarning o’zi nutq madaniyati problemasining tarkibiy qismi ekanligi ravshan bo’lib qoladi»8[8].

Demak, yuqorida ta’kidlaganimizdek, nutq madaniyati bilan shug’ullanish o’zbek tilshunosligi fani taraqqiyotining barcha bosqichlarida o’rtaga qo’yib kelingan. Ammo uning alohida soha sifatida o’rganish obyekti qilib olinishi keyingi o’n yilliklarning mahsulidir. Olib borilgan tadqiqotlar natijasida tilshunosligimizda nutq madaniyati alohida fan sifatida nazariy asosga qo’yildi, ilmiy o’rganish usullari ishlab chiqildi, u bilan aloqador bo’lgan tushunchalarga, jumladan «til madaniyati» tushunchasiga aloqadorlik masalasi hal etildi.

Bu sohaga bag’ishlab yozilgan ishlarda tushunchaning ta’rifiga oid yana quyidagi izohlarga duch kelamiz: « a) nutq madaniyati bir tilda to’g’ri so’zlash va yozishdir; b) nutq madaniyati fikrni sodda, aniq va tushunarli ifodalashdir; v) nutq madaniyati tilning tasviriy va obrazli vositalaridan unumli, o’z o’rnida foydalana bilishdir; g) nutq madaniyati nutqning qisqaligi, ixchamligi, aniqligi, milliyligidir;         d) nutq madaniyati nutqning sodda, barcha uchun tushunarli bo’lishidir…»9[9]. Bu gaplarning barchasi to’g’ri. Ammo ular masalaning amaliy tomoni bo’lib, o’z nazariy asoslarini ham ishlab chiqishni talab etadi. Bu haqda E.Begmatov quyidagilarni yozadi: «…nutq madaniyati sohasi o’z o’rni va fandagi mavqyeini to’la egallashi uchun u nazariy jihatdan asoslangan bo’lishi lozim. Birinchidan, bu tushunchaning til hodisasi va ilmiy problema sifatida tarixi yoritilmog’i kerak. Ikkinchidan, nutq madaniyati sohasini o’rganuvchi asosiy obyekt bo’lgan til hodisasi aniqlanishi kerak. Uchinchidan, nutq madaniyatining ilmiy-tadqiqiy obyekti bilan bog’liq problemalar belgilanishi lozim. To’rtinchidan esa, nutq madaniyatini o’rganish aspektlari (lingvistik va ekstralingvistik) chegaralanishi zarur»10[10]. Olim «Tilshunoslikning muhim sohasi» (1973), «Nutq madaniyati tushunchasi haqida» (1975), «Nutq madaniyati mezonlari» (1976), «O’zbek nutqi madaniyati masalalari» (1980), «Notiqning nodir boyligi» (1980),  «Adabiy norma va nutq madaniyati» (1983), «Nutq madaniyati ocherklari» (1988), «O’zbek nutqi madaniyati asoslari» (1992), «Nutq madaniyati va uslubiyat asoslari» (1992), «Adabiy norma nazariyasi» (1997, 1998, 1999) kabi asarlarida o’zi o’rtaga qo’ygan masalalarni ma’lum ma’noda ijobiy hal qilib berdi.

Jumladan, mavzuga aloqador bo’lgan til madaniyati va nutq madaniyati tushunchalari chegarasi haqidagi fikrlarini olib ko’raylik. «…nutq madaniyati tushunchasi bu avvalo to’g’ri, shu bilan birga, yaxshi so’zlash, ya’ni madaniy nutqiy prosess demakdir. Ammo madaniy gapirish uchun nutqda xizmat qiluvchi madaniy vositalar, ya’ni aniqrog’i madaniy til vositalari lozim bo’ladi. Shunga ko’ra, aytish mumkinki, madaniy nutq ikki faktor asosidagina yuzaga chiqa oladi: a) madaniy til (adabiy til) vositalarining mavjudligi, ushbu madaniy til vositalaridan gapirganda yoki yozganda maqsadga muvofiq ravishda foydalana olish.

Keltirilgan ikki omil asosida nutq madaniyati hodisasi ham, bizningcha, ikki xil talqin qilinishi va nomlanishi lozim bo’ladi:

1. Til madaniyati. 2. Nutq madaniyati yoki so’zlashuv madaniyati.

Nutq madaniyati tushunchasini til madaniyati va so’zlash madaniyati tushunchasiga ajratish tilshunoslikda izchillikka ega emas. Umuman, bu ikki tushuncha, asosan, birga yoki qorishtirilgan holda nutq madaniyati yoki til madaniyati termini bilan yuritilmoqda. Demak, bu holda til madaniyati termini nutq madaniyati terminiga ekvivalent bo’lib kelmoqda. Shu sababli ham, biz nutq madaniyati nomi bilan umumiy tarzda yuritilayotgan tushuncha (hodisa)dagi ikki holatni - til madaniyati va nutq, ya’ni so’zlash madaniyatini farqlash tarafdorimiz. Nutq madaniyati tushunchasi va termini keltirilgan ikki hodisa uchun umumiy tasavvur va umumiy nom  tarzida tushunilishi mumkin. Xo’sh, til madaniyati tushunchasi nima?

Til madaniyati tushunchasi nutq madaniyati sohasida til sistemasining o’zini, masalan, o’zbek adabiy tilining vosita va imkoniyatlarini, «madaniylashtirishni» ko’zda tutadi. Demak, til madaniyati termini bilan ataluvchi tushuncha til sistemasining madaniylik darajasini, ya’ni uning qanchalik ishlanganligi, normalanganligini ko’rsatadi»11[11].

Aytilganlardan anglashilayaptiki, garchi til madaniyati va nutq madaniyati tushunchalari tilshunoslik atamasi sifatida bir-birlaridan farqlansa ham, aslida ularning birini ikkinchisidan ajratib bo’lmaydigan, biri ikkinchisini taqozo qiladigan tushunchalardir. Nutq madaniyati  aniq ma’noda til birliklarini nutq jarayonida qo’llashning me’yori, maqsadga muvofiqligini anglatsa ham, umumiy ma’noda ma’lum millatning umumtil madaniyati doirasida qaraladi. To’g’ri, nutq lingvistik va ekstralingvistik omillarni o’z ichiga oladigan murakkab jarayon bo’lib, u mantiq, psixologiya, pedagogika, etika, estetika masalalari bilan ham bog’liq. Ammo  nutq uchun tilning birinchi darajada turishini hyech kim inkor etmaydi va u har bir millatning madaniyatini o’zida aks ettiradi.

Garchi til birliklarini me’yorlashtirish, hamma uchun tushunarli bo’lgan bir qolipga keltirish umuman tilshunoslikning vazifasi bo’lsa ham, u nutq madaniyati sohasining xizmatlarini inkor etmaydi. Nutq madaniyati tilda ma’lum me’yorga keltirilgan til birliklarining nutqda qo’llanish shart-sharoitlarini, qonuniyatlarini nazariy jihatdan asoslaydi hamda bu me’yorga amal qilishni ma’lum ma’noda nazorat ham qilib boradi. Nutqdagi yutuq va kamchiliklar tahlil qilinib, ularni tugatishning eng ma’qul yo’llari ko’rsatib turiladi. «Nutq madaniyati ijtimoiy fan sifatida keng plandagi til tarbiyasini va ommaviy stilistik savodlilikni, boshqacha aytganda, so’zlovchi yoki yozuvchi omma orasida til haqidagi fanning hozirgi zamon yutuqlarini tatbiq etishni o’z oldiga vazifa qilib qo’yadi»12[12].

Shuning uchun ham oliy davlat ta’lim standartlarida filologiya va boshqa fakultetlarida, jumladan huquqshunoslik fakultetida alohida kurs sifatida o’qitilayotgan  «Nutq madaniyati» predmetining vazifasi nutq madaniyati haqida atroflicha tushuncha berish, uning nazariy asoslari va muhim belgilarini  o’rgatish, mutaxassislik doirasida uni amaliyotga tatbiq etish yo’llarini ko’rsatib berishdan iboratdir.

Navbatdagi gap til madaniyati va nutq madaniyati tushunchalarining huquq sohasida amal qilishi xususida. Huquqiy soha va yurisprudensiya amaliyotda tilga katta ehtiyoj sezadigan yo’nalish hisoblanadi. Bu, ayniqsa, keyingi o’n yillikda alohida ahamiyat kasb etdi. Chunki mustaqilligini qo’lga kiritgan O’zbekiston Respublikasi o’z taraqqiyoti va rivojlanishining yangi bosqichida huquqiy-demokratik tamoyillarga asoslangan fuqarolik jamiyati qurish yo’lidan bormoqda. Ijtimoiy hayotning barcha yo’nalishlarida qonun ustuvorligini ta’minlanishi asosiy vazifa qilib qo’yilmoqda.

Ustuvorlik ma’lum ma’noda  bu qonunlar va ularning ijrosi bilan bog’liq bo’lgan hujjatlarning mukammal bo’lishini taqozo qiladi.  Bu mukammallik esa, o’z navbatida, ularni O’zbekiston xalqi va davlati manfaatini himoya qiluvchi huquqiy asos bilan birga, ularning til jihatdan ham puxta bo’lishni keltirib chiqaradi.

Mana shu ehtiyoj o’zbek tili rasmiy uslubi doirasida alohida bir til – yuridik tilni vujudga keltirdi. Ammo yuridik til qandaydir bir maxsus til emas. U ham o’zbek adabiy tilining tarkibiy qismi sanaladi. Ammo huquqshunoslik sohasida til vositalaridan foydalanishning shunday  bir tizimi vujudga keldiki, bu  o’z navbatida yuridik til, huquqiy til atamalarini keltirib chiqardi.  Huquq va til tushunchalarining o’zaro bog’liq jihatlarini o’rganish masalalarini o’rtaga qo’ydi.

Muhtaram Prezidentimiz I.A.Karimov asos solgan mamlakatimiz taraqqiyotining besh tamoyilidan biri – qonun ustuvorligini ta’min etish o’z navbatida huquqiy madaniyat va savodxonlikka oid qator masalalarni belgilab berdiki, tilni o’rganmasdan turib ularni hal qilib bo’lmaydi. Huquqiy, yuridik tilning o’ziga xos xususiyatlarini, uning umumxalq madaniyati, huquqiy madaniyat doirasida amal qilish imkoniyatlarini chuqur o’rganish bu soha mutaxassislarining bilim va malakasi, ma’naviyati va madaniyatining yanada yuksak bo’lishiga ko’maklashadi.

Ammo bugungi kunda o’zbek nutqi madaniyatini yuqori darajaga ko’tarish uchun olib borayotgan ishlarimiz talablar darajasida deb ayta olmaymiz. Mavjud kamchiliklar tildan huquq sohasida foydalanishni ham qiyinlashtirmoqda.

Mutlaqo yangicha bir ish yuritishni taqozo etayotgan mustaqillik sharoitida  yuridik hujjatlarga bo’lgan talab va mas’uliyat shu darajada kuchaydiki, bu ona tilimizni har qachongidan ham chuqur o’rganishni taqozo qilmoqda. Sobiq Ittifoq davrida  bu vazifani rus tili o’z zimmasiga olgan bo’lsa, endi o’zbek tili respublikamizning davlat tili hisoblanadi. Hayotga tatbiq etilayotgan har bir huquqiy-me’yoriy hujjat ana shu  tilda tayyorlanadi. Bu hujjatlarda noaniq yoki o’rinsiz ishlatilgan har bir so’z yoki ibora uning mazmuniga jiddiy ta’sir ko’rsatishi mumkin. Bu esa huquqshunoslik tizimida ishlaydigan mutaxassislardan til ilmini boshqalarga qaraganda bir qadar puxta o’rganishni taqozo etadi. Ona tiliga doir bilimlarning asosiy qismi o’rta yoki o’rta maxsus ta’lim jarayonida egallansa, u oliy ta’limda yana davom ettiriladi. Huquqshunoslik yo’nalishidagi oliy ta’lim beruvchi muassasalarda «Yuristning nutq madaniyati» predmetining o’qitilishi qisman bo’lsa-da, ana shu muammoni hal qilishga qaratilgan.

Yuqorida ta’kidlaganimizdek, o’zbek tili va uning rasmiy uslubi doirasida shakllangan yuridik til garchi umumtil va rasmiy me’yorlariga bo’ysunsa ham, ayni paytda,   o’ziga xos leksik-grammatik xususiyatlariga ega. Boshqacha aytganda, bu sohaning ko’p yillar davomida shakllangan o’z terminologik tizimi mavjud. Gap qurilishi ham rasmiy hujjatlarning boshqa turlaridan farqlanadi. Rasmiy uslubga xos bo’lgan aniqlik, qisqalik, mantiqiylik singari xususiyatlar unga ham tegishli bo’lsa-da, ularning har biri huquqiy hujjatlarda yana o’ziga xos tarzda namoyon bo’ladi. Qat’iylik, o’ta aniqlik singari talablar til materialini tanlashga  o’ta mas’uliyat bilan yondashishni taqozo qiladi.

Bu masalalarni o’rganish ma’lum ko’nikma va vaqtni talab etadi. Afsuski, «Yuristning nutq madaniyati» kursida o’rganilishi lozim bo’lgan materialning ko’pligi, ma’lum darajada imkoniyatni chegaralab qo’yadi. Shuning uchun huquqshunoslik fakultetlarida o’tiladigan «O’zbek tili va adabiyoti» fani dasturi ma’lum darajada mana shu fan dasturi bilan muvofiqlashtirilishi va unda rasmiy-yuridik nutqning leksik-grammatik xususiyatlarini o’rgatishni qamrab oluvchi materiallar kiritilishi maqsadga muvofiq bo’ladi.

Davlat hokimiyati tomonidan begilanadigan va qo’riqlana-digan, jamiyatda kishilarning o’zaro munosabatlarini tartibga soladigan qonun-qoidalar, normalar majmui hisoblanadigan huquqqa  (O’zbek tilining izohli lug’ati, II tom. – M., 1981,  714-bet) oid hujjatlar o’zbek davlatchiligining barcha davrlarida mavjud bo’lgan va zamonlar silsilasida takomillashib borgan. Ularning shakllanish jarayoni yozuv taraqqiyoti bilan chambarchas bo’lib, huquqiy hujjatlarning mukammalligi ma’lum darajada ana shu yozuv va til madaniyatining takomiliga bog’liq bo’lgan13[13].

O’zbek davlatchiligi tarixida huquqning mukammal tizimi yaratilgan. Bu haqda «Avesto», Burhoniddin Marg’inoniyning «Al hidoya» hamda «Temur tuzuklari» kabi manbalardan ko’plab ma’lumotlar olish mumkin. Jumladan, tariximizda musulmon huquqi bo’lgan. Uning asosiy manbalari Qur’on, sunna, ijmo, qiyos bo’lgan. Fiqh – musulmon huquqini, sunna – hadislar ko’rinishidagi huquqiy prinsiplarni, ijmo - qonunshunos olimlarning umumiy fikrlarini, qiyos – Qur’on va sunnada berilmagan biror huquqiy masala ulardagi shunga o’xshash masala bo’yicha berilgan ko’rsatmaga qarab taqqos yo’li bilan sharhlashni o’zida mujassam etgan. Binobarin, ularning ham biri umumiy va o’ziga xos til va uslubda shakllangan.

Hozirdagi  amalda bo’lgan  yuridik til va uslubda ularning an’analari qisman mavjud bo’lsa-da, aslida tubdan farq qiladi. Chunki huquqiy manbalarning asosiy qismi dunyo miqyosida amal qilayotgan huquqiy-me’yoriy hujjatlar, sud presedenti, huquqiy odat, huquqiy doktrina, jamoat va xalqaro tashkilotlarning me’yoriy aktlari va xalqaro shartnomalar ko’rinishidagi zamonaviy andozalarga moslashgan. Shundan kelib chiqib, yuristning huquqiy madaniyati, jumladan huquqiy-nutqiy madaniyati oldiga qo’yiladigan talablarni ham ana shu ikki jihatni mujassam qilgan an’anaviy va zamonaviy tajribalar umumlashmasi doirasida tushunishimiz to’g’ri bo’ladi.

Yuridik til madaniyatining shakllanishiga jamiyat rivoji bilan birgalikda yurisprudensiya va til taraqqiyoti ta’sir o’tkazadi. Chunki huquqiy hayotda sodir bo’layotgan barcha o’zgarishlar eng avvalo tilda, binobarin yuridik matnlar tilida o’z aksini topadi. Qonunlar, farmonlar, qarorlar, farmoyishlar, buyruqlar, yo’riqnomalar va boshqa shakldagi huquqiy-me’yoriy hujjatlar uchun umumiy me’yorlar bo’lishi bilan birga, tildan foydalanishda o’z me’yorlari ham mavjud. Ularning har biri o’z shakli va mazmuniga ega. Shuning uchun ham o’zbek yuridik tilining amalda bo’lish xususiyatlarini rasmiy uslub doirasida taguslub (podstil) sifatida o’rganish maqsadga muvofiq bo’ladi.

 «Huquq rivojlanishining tarixiy tajribalarini o’zida mujassam qilgan yuridik til inkor etish mumkin bo’lmagan qadriyat, huquqiy madaniyatning ajralmas qismidir, - deydi prof. A.Saidov. - Yuridik til adabiy milliy tilning uzviy bir qismi bo’lib, leksik-grammatik, uslubiy xususiyatlari bilan boshqa nutq uslubidan farq qiladi. Milliy tillarda mavjud bo’lgan barcha tafovutlarga qaramasdan hamma mamlakatlarning yurisprudensiya tilida umumiylik bor. Bu hayotdagi umumiy qonunlar va tamoyillar bilan izohlanadi»1414[14]14. «Yuridik til bir necha turlarga bo’linadi. Bular: qonun tili yoki davlat yuridik tili, ilmiy yuridik til, sud tili, huquqshunos-muallim tili, publisist-yurist tili, prokuror tili, advokat tili va boshqalardir»15[15].

Sanab o’tilgan bu ko’rinishlarning har biri tilshunoslar va huquqshunoslar hamkorligida o’rganilishi bundan keyin yaratiladigan huquqiy-me’yoriy hujjatlarning, ayniqsa qonunlarning mukammal bo’lishiga olib keladi. Sh.Ko’chimovning «Huquqiy normalarni o’zbek tilida ifodalashning ilmiy-nazariy muammolari» mavzusida filologiya fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun yozgan dissertasiyasi (2003) mana shu muammolarning ma’lum qismini hal etishga qaratilgan dastlabki yirik hajmdagi tadqiqotdir.

«Sir emaski, respublikamiz mustaqillikka erishgunga qadar o’zbek tili rasmiy ish yuritishda, turli davlat ishlarida to’la-to’kis qo’llanmadi, - deb ta’kidlaydi Sh.Ko’chimov. -  Ayniqsa, bu davrda o’zbek huquqiy tili rivojlanmadi, qonunlarning o’zbekcha matni esa 5-10 ta tarjimonlarning ishiga aylandi, xolos. Tarjimonlar o’zlari bilganicha, qanday xohlashsa, shunday tarjima qildilar. Shu tariqa o’zbek qonunlarining tili g’alizlashib, uni tushunish qiyinlasha bordi. Natijada qonunning o’zbekcha matnini tushunish uchun uning ruscha matniga murojaat qilishga to’g’ri keladi. Shuningdek, ruscha huquqiy atamalarning o’zbekcha muqobillari turli qonunlarda (ba’zan bitta qonunda     ham) turlicha ishlatilgan. Tarjima jarayonida moddalar mazmunan emas, so’zma-so’z tarjima qilingan.

O’zbek tilining o’ziga xos xususiyatlari, nozik qirralari hisobga olinmagan. Matn, o’zbekcha bo’lishidan qat’iy nazar, gaplar ruscha qoliplarga solingan, g’aliz va tushunarsiz so’z va so’z birikmalari tarkibi oshib ketgan»16[16].

Mustaqillik tufayli nafaqat yuridik hujjatlarni o’zbek tilida yaratish, balki matnni o’zbekcha fikrlash zaruriyati va, ayni paytda,  imkoniyati vujudga keldi.

Xo’sh, huquq tilini qanday o’rganish va uni nimadan boshlash kerak? Bu savolga taniqli huquqshunos olimlar uni Konstitusiya tilini o’rganishdan boshlash lozim deb, javob berishadi. «Konstitusiya tili o’zining aniqligi, lo’ndaligi, ravonligi, bir ma’noliligi bilan farqlanib, yuridik til etaloni timsolidir. Konstitusiya ustuvorligi prinsipidan kelib chiqib, boshqa qonunlarda qo’llash uchun Konstitusiya matnida foydalangan atamalar tanlanishi kerak»17[17].

Ana shu fikrga amal qilinsa, yurisprudensiyada o’zbek tilidan foydalanishning yagona tizimi yaratiladi. Bu esa atamalarni qo’llashda, gap qurilishini shakllantirishda ma’lum darajada bir xillikka olib keladi.

Buning ustiga, yuridik tilga qo’yiladigan g’oyatda muhim bir talab mavjud.  U hamma foydalana oladigan, tushunarli, ommaviy  til bo’lishi lozim. Masalaning murakkabligi ham ana shunda. Huquqiy-me’yoriy hujjatlar matnidan bir vaqtning o’zida  ham mukammallik, ham ommaviylikni da’vo qilishimiz uning yaratuvchilaridan qanchalik bilim va mahorat talab etishini ko’rsatadi. 

Nutq madaniyati deyilganda faqat uning og’zaki shaklini tushunish kerak emas. Yozma nutq madaniyati bundan ham mas’uliyatlidir. Tilda barqarorlikni ta’min etadigan yozuvning huquqiy matnlar shakllanishi, an’anaviylik va turg’unlik mazmuni kasb etishida ahamiyati katta. Uning yordamida nafaqat matnlar keyingi davrga yetkaziladi, balki yozma ko’nikmalar ham shakllanadi. Umumxalq  tili elementlaridan, yuridik terminologik tizimdan foydalanish yo’llari, fikrni qisqa jumlalarda ifodalash usullari aynan ana shu yozma matn tufayli takomillashib boradi. U ma’lum ma’noda keyingi yoziladigan matnlar uchun namuna vazifasini o’taydi. Shuning uchun ham yuridik yozma nutq madaniyatini takomillashtirish nutq madaniyati tizimida alohida mavqyega ega.    

Og’zaki yuridik nutq ham umumiy og’zaki nutq madaniyati talablariga bo’ysunsa-da, mas’uliyatning jiddiyligi bilan, huquqshunoslar tomonidan ijro etiladigan nutq inson taqdiriga bevosita aloqador bo’lishi bilan ajralib turadi. Nutqning ushbu turi asosan sud jarayonida hamda huquqiy targ’ibot ishlarini olib borish davomida shakllanadi. Har ikkalasi ham mas’uliyat talab etadigan jarayon. Shu sababli huquqshunosning og’zaki nutqi oldiga ham qator talablar qo’yiladiki , ular haqida keyingi mavzularda alohida so’z yuritiladi.

Xullas, huquqshunoslik va o’zbek tilshunosligi taraqqiyotining mustaqillik davri bosqichida huquq va til muammolarini yaxlit holda olib qarab, ularning bir-biriga bog’liq tomonlarini o’rganish g’oyatda muhim vazifa sanaladi. Bu boradagi tadqiqotlar ikki fan o’rtasidagi yangi bir  yo’nalishini vujudga keltirishi ham mumkin.

Endi bir necha og’iz gap yuristning muomala madaniyati xususida. O’zbek xalqi dunyoda o’z ma’naviyati va madaniyati mavjud bo’lgan turkiy xalqlarning biri sifatida tildan foydalanishda ham qadimiy an’analari, odat va ko’nikmalariga ega. Zero, ana shu ana’ana va odatlar har bir xalqning o’zligini ko’rsata oladigan belgilar sanaladi.    

O’zining boy tarixi va o’tmishi, havas qilsa va namuna olsa arzigulik ma’naviy-madaniy merosiga ega bo’lgan o’zbek xalqining muloqot an’analari nafaqat mazmunan, balki shaklan ham rang-barangdir. Sharq ma’naviyatining tarkibiy qismi bo’lgan bu muloqot o’zbeklar bilan yonma-yon yashab kelayotgan boshqa xalqlar madaniyati bilan uyg’un, ayni paytda, o’ziga xosdir. Kishilarning yoshiga qarab hurmat bildirish va shunga yarasha muomalada bo’lish, suhbat jarayonidagi samimiyatga, suhbatdoshga yon berishga harakat qilish, yoshlarning qariyalarga, ayollarning erlariga yoki erlarning ayollariga, farzandlarning ota-onalariga,  obro’li kishilarga, rahbarlarga bo’lgan izzat-hurmatning, mezbonning mehmonga bo’lgan ehtiromining avvalo muloqot jarayonida aks etishi ana shu o’ziga xosliklar sanaladi.

O’zbek xalqining vakili, shu bilan birga, uning faxri sanaladigan huquqshunos ham muloqot jarayonida bu umuminsoniy va umummilliy fazilatlar va qadriyatlardan yiroq bo’la olmaydi. Bu masalaning umumiy tomoni. Xususiy jihati shundan iboratki, huquqshunoslarning aksariyat qismi davlatning huquqiy organlarida, ta’lim-tarbiya jarayonida faol qatnashib kelayotgan kishilar hisoblanishadi. Binobarin, ular xalq bilan mustahkam aloqadorlikda bo’lgan insonlardir. Hukumat va huquqiy organlar vakili, ta’lim-tarbiya va targ’ibot ishlarining faol ishtirokchisi bo’lishning o’ziyoq ular mas’uliyatining qay darajada bo’lishi lozimligini aytib turibdi. Ana shu mas’uliyat o’z navbatida muomala mas’uliyatini ham keltirib chiqaradi. Huquqshunoslar - ichki ishlarda xizmat qiladigan nozirdan tortib prokurorgacha, huquqshunos-talabalardan tortib ularning murabbiylarigacha hamisha xalqning kuzatuvida bo’ladi, ko’pchilik ularga havas qilishadi va namuna olishadi. O’z navbatida ular ham ana shu hurmat-e’tiborga va ishonchga loyiq bo’lishlari lozim. Bu gaplar bevosita muomala madaniyatiga ham tegishlidir. Oddiy suhbat bo’ladimi, tergov va sud jarayoni bo’ladimi, tildan foydalanish hamisha odob doirasida bo’lmog’i zarur. Men davlat yoki huquqiy organ vakiliman, deb o’ziga ortiqcha baho berish va oddiy kishilarga qo’pol muomalada bo’lish huquqi hyech kimga berilmagan. To’g’ri, yuristlar uchun ham ba’zan nozik va qiyin vaziyatlar paydo bo’lib qoladi. Masalan, qotillik qilishdek yoki nomusga tajovuz qilishdek qabih jinoyatlarni sodir qilganlar bilan bo’ladigan tergov yoki sud jarayoni, savol-javoblar hamma vaqt ham oson kechmasligi mumkin. Ammo shunday paytlarda ham barcha muloqotlar insoniylik doirasida bo’lishi, hyech kimning shaxsiyatiga, nafsoniyatiga, sha’niga tegmaydigan darajada bo’lishi lozim. Muloqotning salomlashish, daromad, muddao, tinglash, munosabat bildirish va xotima singari bosqichlari umuminsoniy qadriyatlar doirasida bo’lsagina huquqshunos o’zi ko’zlagan maqsadga oson erishadi.

Shunday qilib, nutq madaniyatini puxta egallash, uni muomala jarayonida maqsadga muvofiq tarzda qo’llay olish nafaqat huquqshunosga katta mas’uliyat yuklaydi, ayni paytda, unga obro’ ham keltiradi. Bunga esa osonlik bilan erishib bo’lmaydi. Til ilmini yaxshi bilish va uni amaliyotda mahorat bilan qo’llay olishgina ana shu obro’ning zarur sharti bo’lib qoladi.

Prokuror nutqi. Yuqorida sanab o’tilgan nutqlar orasida prokuror nutqi o’zining mazmuni va til birliklarining tanlanishi bilan alohida ajralib turadi. Chunki prokuror o’z vazifasi nuqtai nazaridan sodir etilgan jinoyat yoki qonunbuzarlikni mavjud tuzum va davlat manfaatini hamda amaldagi qonunlar manfaatini ko’zlab baholaydi. Nega prokuror nutqi qoralovchi nutqi, ayblovchi nutqi deb ham nomlanadi?  Aslida rasmiy tilda bu ibora ishlatilmasligi kerak. Chunki, u so’zlashuv uslubiga xos bo’lib, biron bir shaxs tomonidan sodir etilgan nojo’ya harakatning prokuror tilida davlat va qonun manfaati nuqtai nazaridan qoralangani uchun ham qoralovchi, ayblovchi, (ba’zan davlat ayblovchisi), qoralovchi nutq, ayblovchi nutq birliklari qo’llaniladi.

Xo’sh, prokuror nutqining o’ziga xos xususiyatlari nimadan iborat? Bu nutqda tilning imkoniyatlari sudlanuvchining haqiqatdan ham aybdor ekanligini asoslashga qaratilgan bo’ladi. Ya’ni mavjud ashyoviy dalillar bilan bab-baravar davlat ayblovchisining mantiqiy dalillari ham ishtirok etadi. Mantiqiy dalillar esa, shubhasiz, til vositasida shakllanadi. Demak, qonunbuzarlikka oid mavjud faktlar yoramida mantiqiy dalillarni shakllantirish o’z navbatida prokuror uchun notiqlik san’atini egallash zaruratini keltirib chiqaradi. 

Qonun va davlat himoyachisi bo’lgan prokuror nutqi o’ta rasmiy va jiddiyligi, ehtiroslardan holi ekanligi, sudlanuvchini ayblayotganda faqat faktlar va amaldagi qonunlar moddalariga tayanib shakllantirilganligi bilan sud jarayonidagi boshqa nutqlardan keskin farqlanadi.

Jamoatchi-qoralovchi nutqi. Sud jarayonida jamoatchi-qoralovchi ham ishtirok etishi mumkin. Uning nutqi ayblanuvchi yoki sudlanuvchi manfaatiga zid fikrlar bayon qilinishi bilan  prokuror nutqiga o’xshab ketadi. Ammo ko’p jihatlari bilan ular bir-biridan farq ham qiladi.

Birinchidan, jamoatchi-qoralovchi hamma sud majlislarida ham ishtirok etavermaydi. Biron bir tashkilot yoki muassasa manfaatini himoya qilish zarur bo’lgandagina uning  ishtirok etishiga ehtiyoj bo’lishi mumkin. Ikkinchidan, bu nutqlar bayon usuliga ko’ra farqlanadi. Prokuror nutqida ayblanuvchi sodir etgan huquqbuzarlik yoki jinoyatning har bir holati va keltirilgan dalillarga qonun nuqtai nazaridan, hatto bu qonunlarning tegishli moddalari ko’rsatilib munosabat bildiriladi va baho beriladi. Prokuror ayblanuvchi  yoki sudlanuvchini avvaldan bilmasligi mumkin va bilishi ham shart emas. Mana  shu jihatlar jamoatchi-qoralovchi nutqida boshqacharoq tarzda kechadi. U qonunni prokurorchalik bilmasligi mumkin va shuning uchun uning nutqida qonun moddalariga asoslanib xulosa chiqarishlar ko’zga tashlanmaydi. Buning ustiga u ayblanuvchi bilan bir jamoada ishlaydi va uning insoniy jihatlari bilan tanish bo’ladi. Ular bundan keyin ham birga ishlashni davom ettirishlari mumkin. Jamoatchi-qoralovchi masalaning ana shu jihatlarini hisobga olishga majbur bo’ladi.

Harqalay sudning adolatni hukm chiqarishi nuqtai nazaridan bu kabi nutq ham muhim. Ammo uning ma’lum tartib-qoidalarini ishlab chiqish va tavsiyalar berish amaliyot nuqtai nazaridan maqsadga muvofiq ko’rinmaydi. Chunki bu kabi nutqlarga, yuqorida ta’kidlanganidek, faqat ayrim holatlardagina ehtiyoj sezilishi mumkin. Umumiy madaniyat, savodxonlik nuqtai nazaridan esa bu nutq ham boshqa har qanday nutq oldiga qo’yiladigan talablarga javob berishi kerak. Bu ko’pincha jamoatchi-qoralovchining tilni bilishi, unga bo’lgan munosabati va savodxonlik darajasi bilan bog’liq bo’ladi.

Himoya nutqi. Sud jarayonida shakllanadigan eng muhim nutqlardan biri advokatning himoya nutqi hisoblanadi. Chunki bu nutq sud jarayonida taqdiri sud hukmiga bog’liq bo’lib turgan, qanday jinoyatni sodir etganligi yoki qonunni buzganligidan qat’iy nazar, sudlanayotgan kishini insonparvarlik tamoyillariga ko’ra himoya qiladi. Sudlanuvchi o’z qilmishiga yarasha qanday jazo olishiga qaramasdan, himoya nutqi uning hayotida katta tarbiyaviy ahamiyatga ega bo’lishi mumkin. Bunday nutqning nafaqat sud jarayonida, balki ijtimoiy hayotda ham kishilarga ta’siri bo’lganligini ta’kidlash joiz.  Shuning uchun ham bu nutqning axloqiy va ruhiy jihatlariga e’tiborsizlik bilan qarab bo’lmaydi.

Himoyachi uchun vaziyatning murakkabligi va noqulayligi shundaki, u sud jarayonida biron bir jinoyatni sodir etgan yoki aybdor deb topilgan kishining manfaatini himoya qiladi. Mutlaqo gunohsiz odamni himoya qilish holatlari sud tajribasida kam-kam uchrashi mumkin bo’lgan hodisadir. Shuning uchun ham uning nutq ohangida talabdan ko’ra iltimos ohangi ustun bo’ladi. Aybdor deb topilgan kishining ayblari qanchalik kam va tergov jarayonida prosessual qonunlar qanchalik ko’p buzilgan bo’lsa, iltimos ohangi talab ohangiga qarab o’sib boraveradi. Binobarin, bu holat advokat nutqining shakllanishiga, ayni paytda masalaning sudlanuvchi va advokat foydasiga hal bo’lishiga ijobiy ta’sir ko’rsatishi mumkin.

Masalaning yana murakkabligi shundaki, advokatning sud jarayonida prokuror bilan – davlat va qonun nomidan ish ko’rayotgan mansabdor shaxs bilan bahslashishiga to’g’ri keladi. Prokurorning har bir daliliga qarshi qo’yiladigan asosli dalillarni keltirish advokat uchun oson emas, albatta. Ammo u ish manfaati nuqtai nazaridan shunday qilishga majbur. Bu esa oqlovchidan tinimsiz izlanish, chuqur bilim va  jarayon davomidagi katta notiqlik mahoratini talab qiladi.

Lekin advokat nutqining afzallik tomoni shundaki, u nutq jarayonida tilning tasviriy imkoniyatlaridan unumli foydalanish, sud jarayoni ishtirokchilarining hissiyotiga ta’sir qilish imkoniyatiga ega. Ya’ni u sodir etilgan jinoyatga beriladigan jazo va uning  oqibatlari qanday ma’naviy-ruhiy asoratlarni keltirib chiqarishi mumkinligiga e’tiborni qaratadi. Masalan qadimgi Rimning buyuk notig’i Siseron aybdorni himoya qilib ijro etgan bir nutqining oxirida so’zini bexosdan to’xtatib, xuddi artist kabi rolga kirib, gunohkorning bolasini baland ko’targan holda yig’lamsirab, xo’rsinib-xo’rsinib, sud hay’atidan bolaga va uning otasiga rahmi kelishlarini yalinib so’raganligi tarixdan ma’lum1818[7]18. Unga qarama-qarshi bo’lgan prokuror nutqi esa, yuqorida ta’kidlaganimizdek,  odatda har qanday ehtiroslardan holi bo’ladi va unda fikr-mulohazalar faqat davlat va qonun manfaatini himoya qiluvchi vosita bo’lib hisoblanadi.

Sud jarayonida bo’ladigan munozaralar muhim bir narsaga – adolatni qaror toptirishga qaratilgan bo’ladi. Advokat ham ana shu jarayonning faol ishtirokchisi hisoblanadi. Sud jarayonida oddiy insonlar tilida qoralovchi va oqlovchi deb nomlanadigan tomonlar o’rtasida, garchi har ikkala tomon ham qonunga binoan ish ko’rsalar-da, davlat va sudlanuvchi o’rtasida manfaat nuqtai nazaridan ma’lum ziddiyatlar mavjud bo’ladi. Shunday bo’lishiga qaramasdan, bu munozaralar va tortishuvlar halol bo’lishi, qonun ustuvorligi ta’minlanishi lozim. Bu bahsda yengib chiqish advokatdan ozmuncha mehnat talab qilmaydi. Birgina qonunni yaxshi bilishning o’zi yetarli bo’lib qolmaydi. Ana shu qonunlar,  o’z bilimi va tajribasiga tayangan holda sud jamoasiga ta’sir o’tkaza bilishi, ularda ayblovga nisbatan shubha uyg’ota olishi lozim. Bu esa advokatdan notiqlik mahoratini puxta egallash zaruriyatini o’z-o’zidan keltirib chiqaradi.

Sud jarayonidagi ayblanuvchining tomonida turib ijro etiladigan nutq himoya nutqi, advokat nutqi, hatto so’zlashuv uslubida himoyachi nutqi, oqlovchi nutqi deb yuritiladi. Qanday nomlanishidan qat’iy nazar, ular bir xil mazmunga ega va ular ayblanuvchining manfaatini aks ettiradi va advokat – himoyachining sud jarayonidagi o’rnini belgilaydi.

Bir narsani ta’kidlash adolatdan bo’lar ediki, shu paytga qadar sud jarayonida advokatlarning mavqyei sezilarli darajada bo’lganligi kam kuzatilgan. Shundan kelib chiqib, ularning nutqiga ham e’tibor kam bo’lgan. Ammo mustaqillikdan keyingi davlatchiligimizda qonun ustuvorligi ta’minlangandan so’ng sud sohasida islohotlar boshlab yuborildi. O’zbekiston Respublikasining «Advokatura va advokatlik faoliyati to’g’risida»gi Qonunning qabul qilinishi, 1999 yildan «Advokat» jurnalining nashr etila boshlaganligining o’ziyoq huquqiy faoliyatning bu sohasiga e’tiborning jiddiy bo’lganligidan dalolatdir. Qonunga binoan davlat himoyasida bo’lgan advokatning burchi va mas’uliyati shu qadar yuksakki, uni faqat huquqshunoslik iqtidoriga va keng qamrovli bilimga ega bo’lgan kishigina uddalashi mumkin. Binobarin, til bilimi va madaniyati ham ana shu burch va mas’uliyat doirasida qaraladi.

Qonunning 6-moddasiga  muvofiq advokat «fuqarolik ishlari hamda ma’muriy-huquqbuzarlik to’g’risidagi ishlar bo’yicha sudda, boshqa davlat organlarida, jismoniy va yuridik shaxslar oldida vakillikni amalga oshiradi; jinoiy ishlar bo’yicha dastlabki tergovda va sudda himoyachi, jabrlanuvchining vakili, fuqaroviy da’vogarning hamda fuqaroviy javobgarning vakili sifatida ishtirok etadi». Advokat fuqarolarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish va aholi orasida yuridik bilimlarni targ’ibot qilish ishida qatnashishi lozimligi ham Qonunda ko’zda tutilgan.

«Advokat» jurnali tahririyatiga Qashqadaryo viloyati Muborak tumani huquqiy maslahatxonasi mudirasi N.Ro’ziyeva quyidagi mazmunda xat yo’llagan: «Advokatning himoya nutqlari sudda asosiy o’rin tutadi. Lekin advokatlarning notiqlik san’ati to’g’risida biron jurnal yoki gazetada maqola uchratmaganman. Yoki advokatlar qanday himoya nutqi so’zlashi kerak, nimalarga e’tibor berishi kerakligi to’g’risida biron adabiyotga ko’zim tushmagan. Faqatgina rus advokatlarining bir-ikkita himoya nutqlari to’plamini o’qiganman. «Advokat» jurnali respublika advokatlariga yordam sifatida mamlakatimizdagi taniqli advokatlarning himoya nutqlarini e’lon qilib borsa, chunki ko’pchilikdan ko’p narsani o’rganish mumkin»1919[8]19.

Ana shu taklifga hamohang tarzda  jurnal tahririyati tomonidan eng yaxshi himoya nutqi tanlovini e’lon qilib, ularning namunalari berib borilmoqda. Jumladan, 2002 yilning 2, 3, 4-sonlarida advokatlar B.Salomovning 2001 yilning 29 yanvarida Qashqadaryo viloyat sudida, Sh.Egamning fuqaro I.Inomova, A.J.Polvonovning A.K.Sapayev ishlari yuzasidan  so’zlagan himoya nutqlari keltirilgan. Jurnal tahririyati-ning bu harakatini sud sohasidagi islohotlarning amaldagi ko’rinishi sifatida baholanishi lozim va bu materiallardan huquqshunos-talabalar uchun dars jarayonida foydalanish maqsadga muvofiq bo’ladi.

Yuqorida tilga olingan himoya nutqlari matni birmuncha keng bo’lganligi tufayli ularni bu o’rinda to’lig’icha keltirishning imkoni yo’q. Ammo himoya nutqiga til va uslub nuqtai nazardan qo’yiladigan talablarni sharhlashda ulardan bemalol foydalanish mumkin.

Himoya nutqi ham boshqa omma oldida amalga oshiriladigan oshkora nutqlar qatori o’z qurilishiga ega. Jumladan, nutq sud hay’atiga rasman murojaat qilish bilan boshlanadi. Nutqning maqsadi e’lon qilinadi. Aybning mazmuni, garchi sud jarayonida avval aytilgan bo’lsa ham, barcha tafsilotlari bayon qilinadi. O’zi himoya qilayotgan fuqaro sodir etgan huquqbuzarlik yoki jinoyat qonunning qaysi moddasiga nisbatan tasnif qilinayotganligi yana bir bor ta’kidlanadi.

Shundan so’ng qo’yilayotgan ayb o’z tasdig’ini topgan-topmaganligi haqida o’z nuqtai nazarini ma’lum qiladi va ularni amaldagi qonunlarning tegishli moddalari bilan asoslashga harakat qiladi. Sudlanuvchining qonuniy huquqlari tergov va sudda buzilgan-buzilmaganligiga munosabat bildiriladi. Xulosada O’zbekiston Respublikasi JPKning 53-moddasiga asosan sud oldiga o’z talablarini qo’yadi. Jumladan,  yuqorida tilga olingan A.J.Polvonovning 3 yashar J.Shukrullayevni traktorning orqa g’ildiragi bilan urib yuborib, yo’l-transport hodisasi sodir qilgan A.Sapayevni himoya qilish jarayonida so’zlagan nutqi oxirida sud hay’atidan quyidagilarni so’ragan:

1. A.Sapayevga nisbatan jazo tayinlashda O’zR JKning 55-moddasida nazarda tutilgan jazoni yengillashtiruvchi holatlarni, aybini bo’yniga olib chin ko’ngildan pushaymonligini, jabrlanuvchi vakilidan kechirim so’raganini, ijtimoiy foydali mehnat bilan shug’ullanib kelib, ish va yashash joylaridan ijobiy tavsiflanganini, qaramog’ida voyaga yetmagan 3 nafar farzandlari bo’lib, oilada yolg’iz boquvchi ekanligini, sudlanuvchining asosiy kasbi haydovchilik bo’lib, boshqa mutaxassislikka ega emasligini e’tiborga olib, O’zR JKning 57-moddasini tatbiq qilib, transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilmaslikni, yo’l-transport hodisasining kelib chiqish sabablari va oqibatlari o’rtasidagi sababiy bog’lanish, ya’ni yosh bolaning ko’chada yolg’iz, qarovsiz qoldirilganligini, sudlanuvchining shaxsini, sodir etilgan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasini e’tiborga olib, unga nisbatan O’zR JKning 266-moddasi 2-qismi bilan yengil jazo tayinlab, tayinlangan jazoni o’tamasdan turib ham uning xulqini nazorat qilish orqali tuzatish mumkin degan xulosaga kelib,  JKning 72-moddasini qo’llab shartli hukm qilishni, qamoqda saqlash ehtiyot chorasini bekor qilib, sud zalidan qamoqdan ozod qilishni.

2. Dastlabki tergov davrida O’zR JPK normalari qo’pol ravishda buzilganligi, qonun normalari to’g’ri talqin qilinmaganligi, prosessual harakatlar qalbakilashtirilganligi uchun tergovchi Z.Nuriyevning dastlabki tergovda yo’l qo’ygan kamchiliklari ustidan JPKning 423, 476-moddalari tartibida xususiy ajrim chiqarishni.

3. Dastlabki tergovda O’zR JPK normalari qo’pol ravishda buzilib, sudlanuvchi A.Sapayev 2002 yilning 16 avgustidan 21 avgustiga qadar qonunga xilof ravishda ushlab turilganlik holati bo’yicha hozirda mening qo’limda tergovchilarning harakatlari ustidan keltirilgan shikoyat bo’yicha biron bir ma’lumot bo’lmasa-da, maslahat uyiga kirgan vaqtda ushbu holatni ham o’rganib chiqib tergovchi Z.Nuriyev mansab vakolati doirasidan chetga chiqqanligi, tergov bo’limi boshlig’i R.Jumaniyazov esa qonun buzilishini bila turib harakatsizlik qilganligi uchun ulargi nisbatan jinoyat ishi qo’zg’atish haqida ajrim chiqarishni. (Jurnal tahririyatining ma’lumot berishicha, masala xuddi advokat qo’yilgan talablar asosida hal etilgan. Xorazm viloyat sudi ishni appelyasion tartibda ko’rib chiqib, A.Sapayevga nisbatan O’zR Jkning 72-moddasini qo’llab hukm chiqargan va ehtiyot chorasi bekor qilinib, u qamoqdan ozod qilingan).

Sudlanuvchini himoya qilish jarayonida mana shu tarzda nutqning mazmunini bayon etiladi. Huquqbuzarlik yoki jinoyatni yuzaga keltirgan holatlarning mohiyatini ochib berishga harakat qilinadi, sudda keltirilayotgan har bir ayblov va dalilga munosabat bildiriladi.

Bu o’rinda masalaning murakkabligi shundaki,  hamma advokatlar ham haligacha sobiq tizim davridagi tazyiq ruhiyatidan tamomila ozod bo’lgan emaslar. Ularning boshqa bir qismida esa malakaviy mahorat yetishmaydi. Manfaatlar to’qnashuvi jarayoni esa himoya san’atini mukammal egallashni taqozo qiladi. Yana shunday holatlar ham bo’lib qoladiki, himoyachi qonunni yaxshi biladigan kishi sifatida sudlanuvchining aybini tan oladi. Shunday paytda ham insonparvarlik nuqtai nazaridan advokat o’z nutqini ayblanuvchi yoki sudlanuvchining javobgarligini yengillashtiruvchi holatlarga qaratishi lozim bo’ladi.

  Shayxontohur tumani huquq maslahatxonasi advokati Ђ.Namozov «Sudyalar himoyaga muhtoj» maqolasida juda ma’qul gaplarni yozgan: «Himoyamdagi Ђ.Xoldorov ayblanayotgani bois, qonun menga uning aybsizligini isbotlash vazifasini yuklamaydi. Men himoyachi sifatida aybnomada, hukmda tasvirlangan voqyeani tiklashga asos qilib olingan dalillarning qanchalik darajada qonuniyligini asoslasam, bas. Demoqchimanki, agar jinoyat hodisasi deb tasvirlanayotgan hodisani tiklashga xizmat qilayotgan dalillar qonunga mos ravishda yig’ilgan bo’lsa, tasvirlanayotgan hodisa – haqiqat, aksincha, dalillar qonuniy bo’lmasa, tasvirlangan hodisa – bo’hton, uchinchi yo’l yo’q, ya’ni dalillar noqonuniy bo’lsa ham voqyea to’g’ri deb baholanmaydi»2020[9]20.

Mabodo jinoyat bir guruh kimsalar tomonidan amalga oshirilgan bo’lsa, himoya jarayoni yana ham og’ir kechadi. Sudda alternativ nutqlar ijro etiladi. Ularni hamma vaqt ham muvofiqlashtirib bo’lmaydi va bu hol himoya kuchini zaiflashtiradi. Lekin bunday holatlarda ham barcha holatlar bo’lgani singari nutq mantiqi va etikasiga alohida e’tibor berilishi zarur bo’ladi.

Sud jarayonida jamoatchi-qoralovchilar qatnashgani sangari jamoatchi-oqlovchilar ham  ishtirok etishlari mumkin. Ular  odatda sudlanuvchi ishlayotgan korxona jamoasining  vakillari bo’lib, qonun-buzarlik tasodifan yoki bilmasdan sodir etilganda, gunohkor hisoblangan kishi aslida jamoa o’rtasida izzat-hurmatga sazovor odam sifatida e’tirof etilganda qatnashishadi. Bunday nutq mazmunan ayblanuvchining ijobiy hislatlarini, jamoa o’rtasidagi obro’sini, ishga bo’lgan munosabati va intizomini bayon ettiradi. Yozma va og’zaki shaklda ifoda etiladigan bu nutq ma’lum ma’noda kafolat vazifasini o’taydi. Unda ayblanuvchining kelajakda o’z xatolarini tuzatishi mumkinligi va jamiyatga, oilasiga foydasi tegishi mumkinligiga ishonch bildiriladi. Bunday nutqlarning ijro etilishi asosan fuqarolik ishlarini ko’rib chiqish bilan bog’liq bo’lgan sud jarayonlariga xos sanalib, uning sudyaning ma’lum xulosaga kelishiga ijobiy ta’sir ko’rsatadi. Chunki mamlakatimizda olib borilayotgan demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish jarayoni aynan shunday munosabatlarni taqozo qiladi.

O’z-o’zini himoya qilish nutqi. Ba’zan shunday holatlar ham bo’ladiki, aybdor tergov jarayonida tazyiqqa duch keladi va yolg’on ko’rsatmalar berishga majbur bo’ladi. Bunday paytda uning birdan bir xaloskori sud bo’lishi mumkinligi tushungan sudlanuvchi faqat sud jarayonidagina bo’lgan voqyeani ochiq-oydin aytib o’zini-o’zi himoya qiladi.  

Sud notiqligi tarixida A.F.Koni, N.F.Plevako, P.S.Proxov-shikov (Sergeich) larning alohida o’rni bor. Shuning uchun ularning ilmiy va amaliy merosini o’rganish bugungi huquqiy foaliyat uchun ham xizmat qiladi. «Sud notiqligi va siyosiy notiqlik», «Lektorlarga maslahatlar» asarlarining muallifi A.F.Koni bu sohaga oid nazariy qarashlari va amaliy faoliyati bilan rus ritorikasi taraqqiyotiga juda katta hissa qo’shdi. Nutqda fikriy teranlik, donishmand kishilarning fikrlariga murojjat qilish, kutilmagan naqllarni keltirish bilan tinglovchining diqqatini tortish va ularning yordamida asosiy fikrni yetkazishga oid qarashlar A.F.Koni faoliyatida  muhim o’rin tutadi.

A.F.Plevako himoya nutqining mohir ustasi bo’lgan. S.Inom-xo’jayev: «A.F.Konining gapiga ko’ra, Plevakoning notiqligi ilhom darajasidagi yuksaklikda bo’lgan. U o’zi himoya qilgan kishilarning butun ichki olamini o’zlashtirib olgan. Plevako o’z nutqlarida obrazli iboralardan keng foydalanadi. Jumladan, u dehqonlar isyoni ko’rilgan ishda himoyachi sifatida chiqadi. Prokuror bu isyonni kim birinchi bo’lib boshladi, deb so’raganida u: Siz buni bila olmaysiz, chunki bug’doyzor ustida shamol tursa hamma boshoq bir xil baravariga silkinadi, qay biri birinchi bo’lib silkinganini qayerdan bila olasiz?- deydi» 2121[10]21.

Sergeich taxallusi bilan mashhur bo’lgan P.S.Proxovshikov ham notiqlik san’atining nazariyotchilaridan sanaladi. Uning «Sud himoyachisi»,  «Sud jarayonida nutq san’ati» asarlarida bu sohaga oid g’oyat qimmatli fikrlar bayon etilgan. Sergeich nutq namunasini mukammal badiiy asar darajasida qaraydi va uning shu darajaga yetishi uchun quyidagilarga e’tibor berilishi lozimligini uqtiradi: tinglovchilar bilan to’g’ridan-to’g’ri aloqa o’rnatish, samimiy munosabatda bo’lish; nutq jarayonida vaqti-vaqti bilan ohangni o’zgartirib turish; nutq orasida hazil-mutoibaga o’rin berish; kutilmaganda tinglovchilarga murojaat qilish, savollar berish; asosiy narsani yashirib, tinglovchilarni qiziqtirish; fikrni birdan uzib qo’yib boshqa mavzuga o’tish va yana avvalgi holatga ustalik bilan qaytish; keyin aytiladigan fikrlarga oldindan shama qilib qo’yish va hokazo2222[11]22.

Adabiyotda nutq va til